четверг, 14 апреля 2016 г.

Hayot Darsi



       Bugun yana o'sha kun! Otamni yo'qotgan kun! Otamsiz yana bir yil! Vaqtning o'tishini qarangki, bir pastda 5 yil ham bo'libdi.

    Oldin aytib o'tganimdek, Otam haqida eshitgan, bilganlarimni qisqa yozib borishga so'z bergandim. Bugun Otamning manga bergan "hayot darslari"dan biri haqida yozmoqchiman.
Roppa rosa 15 yil oldin, 2001 yil, May oyi edi. Jazirama issiq boshlangan. Bitiruv imtihonlari ketyapti. Navbatdagi Davlat imtihonini topshirdik.  5 baho olishimga amin edim. Chunki, o'zim yaxshi bilgan mavzu va kitob tushgandi. 2-3 soatlardan keyin imtihon natijalarini e'lon qilishdi. Ne ko'z bilan ko'rayki 4 baho olibman. Eng qizig'i 2 kursdoshimga yordam bergandim, ular 5 baho olishganu man 4 (Hullas, yozaman desam u haqida gap ko'p. 4 bahoning qo'yilish majorosini o'zi bir uzun hikoya). Yig'idan o'zimni to'xtata olmasdim. (Agar o'sha paytda, hayotda bundanda muhimroq narsalar borligini bilganimda edi) Boshqattan imtihon topshirishga qaror qilib, domlam bilan zav.kafedra oldigayam kirdim. Kech qolibman. Baholar yozilgan varaq topshirib bo'lingan ekan. 5 baho olgan va unga tatimayotgan dugonam (jon do'stim) o'zi quvonmay, man bilan birga siqilardi. Domlalar va boshqa kursdoshlarimning "4 bahoyam yomonmasku?! O'ta olmaganlar ham bor!" degan gaplarga bitta javobim bor edi holos. "Uyga qaysi yuz bilan boraman? Otamni ko'ziga qanday qarayman!? Yana asosiy fandan!"

Uyga keldim. Yo'l bo'yi Otam uyda bo'lmasin deb Hudodan so'rab keldim. Eshikni Otam ochdilar. Meni kutayotgan ekanlar. 
- Ha, keldingmi? O'tdingmi?
- O'tdim!
- Nechi baho?
- ... 4
- ha yaxshi, Molodec! Ko'cha issiqmi? Qizarib ketibsan. Kiyimlaringni almashtirib chiq, choy ichamiz.
Honamga kirib ketdim. Kiyimlarimni almashtirib, tog'ri hammom tarafga o'tib ketdim. Yuz-qo'llarimni sovuq suvga yuvish maqsadida. Ko'proq qolib ketibman shekillik, yoki Otam bir narsalarni sezdilarmi, yonimga keldilar. 
- Aniq o'tdingmi? Yoki topshira olmadingmi?
- ha o'tdim
- 4 mi? 
- ha 4
- bo'masa nega yig'layapsan? 5 ola olmaganingami?
- ...
- hmm... qani yur choy ichamiz
deb chiqib ketdilar. Tahminan yana 10-15 minutdan keyin, Otam oldilariga chiqdim. 
Choy quyib berdilar. Men esa haliyam jinniga o'xshab yig'lardim.
- Mana o'qishni ham tugatyapsan. Mustaqil bo'lish vaqti keldi. Xozir o'qish orasida maktabda ishlayotgan bo'lsang, keyin boshqa joylarda ham ishlash niyating bor. Ish hayotida, o'qish hayotidan ancha murakkabroq va nohaqroq vaziyatlarga duch kelishing mumkin. Bugun sen mustaqil hayotning birinchi nohaqligini tatding. Biliminga yarasha baho olmaganingni, bilimi pastroq bo'lganlar "iltimoslar" bilan yuqori baho olishganini nohaqlik deb bilyapsan. To'g'ri, bu nohaqlik, lekin bu uzun hayoting bo'ylab bo'ladigan boshqa olov kabi nohaqliklar odida bir uchqun holos...
Ba'zan shunaqa holatlar bo'ladiki, xatto ismini to'g'ri yoza olmaydigan, oddiygina narsalarga kallasi chiqishmaydiganlar sani ustingda boshliq lavozimiga kelishi mumkin. Umrini bilimga, ishiga bahsh etgan qancha olimlar qolib, kecha paydo bo'lgan "kimdir" unvon sotib oladi. Eng asosiysi sen o'zingni bil! O'zingga to'g'ri bo'l! Yaqinlaring, do'stlaring bilsin kimligingni, shuni o'zi senga kifoya! Hech kimga, hech narsani isbotlashning keragi yo'q!
Sal tinchlanganday bo'lib, burnimni ha deb dastro'molimga artib o'tirganimda kutilmaganda:
- Bahoning umuman ahamiyati yo'q! Bitiruv imtihonidan, o'z kuching bilan 4 baho olib kelding. Senga ming rahmat! Bu katta gap! Tushunyapsanmi? Bu 4 baho bilan men qanchalik g'ururlansam arziydi! 4 yil o'zing o'qiding, mana bitiryapsan ham. Biron marta boshimni egib, tilimni qisiq qilib domlalaring oldiga bormadim. Sen uchun hech kimdan, hech narsa iltimos qilmadim. Shular uchun ham senga rahmat.
Otamning bu rahmat so'zlaridan keyin o'zimni batamom yo'qotdim. Endi keyingi ko'z yoshlar alam ko'z yoshlari emas, balki shukur ko'z yoshlariga aylanib to'kilardi. Allohga ming bor shukurkim, shu imtihondan 4 baho olgan ekanman. Bo'lmasa, hayotim maboynida yuzlab marta asqotadigan darsdan bebahra qolarkanman! Chunki, har gal oldimdan nohaqlik chiqsa, Otamni so'zlarini eslayman. Shu-shu dars bo'ldiyu, qaytib na ish muammolarimni va na hayot muammolarimni uyga olib bormadim. O'zim, o'z kuchim bilan yechishga harakat qildim va qilyapman. 
Eh Otajonim! Qani edi vaqtni orqaga qaytara olish imkoni bo'lganda! O'gitlaringizni, suhbatlaringizni tasmalarga yozib, muhrlab qo'yib, qayta qayta tinglardim.
Joyingiz Jannat Bo'lsin! Allohim qabringizni Qur'on nurlari bilan yorug' qilib, Jannat bog'laridan bir bog'cha qilib qo'ysin! Omin!

P.S. Aziz o'quvchi, virtual do'stim agar malol kelmasa, vaqtingizni 2 daqiqasini Otam haqqilariga duo qilishga ajratsangiz bag'oyat minnatdor bo'lardim. Har birimizga ham u dunyoda g'oyibdan duo nasib qisin!

 Xotira -  2015
Xotira -  2014

3 комментария:

  1. Жойлари жаннатда булсин...колганларни саломат килсин!

    ОтветитьУдалить
  2. Отангиз мани отамни энг якин дусти ади. Юлдаш ака Юсупов, Зарифбой ака Кучкоров ва Кутлимурат Матназаров. Хар учала дустга хам оллохим жаннатлардан жой ато этган булсин. Уларнинг ёши ва мартабаси бизларга хам насиб этсин.
    (Акам 2015 йил 16 феврал куни бизларни ташлаб гетди...)

    ОтветитьУдалить
    Ответы
    1. Alloh sabr barsin!Sizni yaragniz ham yangi ekan. Zotan, yil o'tishi bilan yara bitib ketish o'rniga, qayta-qayta tirnalib, qotib, chuqurroq yaraga aylanib boraverar ekan...
      Hammamizga ham, yaqinlarimiz bilan Jannatlarda ko'rishish nasib qilsin!

      Удалить