понедельник, 14 апреля 2014 г.

Otajonim xotirasiga bag'ishlayman...






OTA
Armonim bor, bu dunyoda armonim bor,

Qoq dalada o'tlar bosgan o'rmonim bor.

Qizg'aldoqday boshim egik bu makonda,

Yonib yashab o'tmagan otajonim bor.

Ota desam, bag'ri-dilim yonaverar,
Kunim yonar, oyu yilim yonaverar,
Mozoriga qo'ygan gulim yonaverar,
Tutunlarga to'lib ketgan osmonim bor.

Esaversin jannatlardan kelgan nasim,
Momo yerim, o'zingsan eng muqaddasim,
Bag'ringda jim tinglab bu tun jon nafasim,
Ruhimni allalab yotgan jahonim bor.

Odam bo'lib bir odamni tushunmaslar,
Ko'zingda yosh ko'rib ham goh o'kinmaslar,
Bosgan izim poylab yurgan ey, nokaslar,
Qabrdan qo'l cho'zib turgan qalqonim bor...

Men otamdan qolgan erkin sado-sasman,
Qonimga yot navolarga qayrilmasman,
O'lgunimcha endi undan ayrilmasman -
O'z otamdek bo'lib qolgan imonim bor.

Armonim bor, bu dunyoda armonim bor,
Keng dalada gullar bosgan o'rmonim bor,
Qizg'aldoqlar bosh egib qon yig'lab turgan
Bu makonda mening ham nurjahonim bor.

Muhammad Yusuf

      Otajon!
   Bu dunyoni tashlab ketganingizga ham, bir pastda 3 yil bo'libdi. Shu 3 yilning 3 kuni yo'qdirki Sizni eslamagan bo'lsak. Kim bilan gaplashsak ham gap orasida Sizni o'gitlaringiz, maslahatlaringiz haqida ham gapalashib o'tamiz. Ketganingizga haliyam ishongim kelmaydi! Orqamda hayotning har qanday izg'irin shamollaridan to'sib turadigan, Alp tog'laridanda mustahkam suyanchig'im, boshim uzra qoru-yomg'irdan, oftobdan himoya qiladigan chinor daraxtidek seryaproq soyabonim edingiz! Sizsiz chinor qurib qolganday, tog' o'rnida ko'nglimda bir jarlik borday...
  Inson - Otasi bu dunyodan o'tgandan keyin, birdan katta bo'larkan. Ya'ni, sog'lomroq va teranroq fikrlay boshlarkan.  Oldin, xato qilsak xatolarimizni tushuntiradigan, to'g'ri yo'lni ko'rsatadigan, yutuqlarimizdan ichiga sig'may quvonadigan, qizlari bilan og'li bor do'stlariga qaraganda ko'proq g'ururlanadigan, bir nimadan siqilsak bizadan ko'proq tashvishlanadigan Siz edingiz! Sizsiz hayot esa yanada shiddat bilan davom etmoqda! Endi, Sizga loyiq farzand bo'lish uchun ham, xato qilishlikka haqqimiz yo'q! Bu hayotning har bir sinovlaridan Mardona o'tib berishimiz kerak. Zero Siz qizlaringizni shunday tarbiyalangansiz! Hayotning har bir sinovidan, isyon qilmasdan, sabr bilan o'tishni o'rgatgansiz!

 
    Ba'zan dasturhon atrofida uzoq o'tirib, bolalaligimni, Siz bilan Onam ham yosh bo'lgan paytlarini, opalarim va singillarim bilan hammamiz chug'urlashib, bir choynak choy ustidagi shirin suhbatlarimizni eslayman. Sizni miyg'ida kulimsirab gapirishlaringiz, bizga bergan o'gitlaringizni eslab, shu davr ko'zlarim oldidan, bir-bir kino fil'm kadrlariday o'tadi. Vaqt o'tib, hayot qizlaringizni ba'zilarini Dunyoning har chekksiga palahmon toshidek otgan bo'lsada, Siz bizlar bilan hamnafas bo'lish ilinjida, har kuni inernetda bizni birrovga bo'lsada sog'ligimizdan habar olib turardingiz. Otajonim! Har safar biron bir jumboqqa yechim topolmayotgan bo'lsam, yoki biron narsadan siqilayotgan bo'lsamu lekin, Sizga aytmagan bo'lsamda, Siz huddi ichimni bir ochiq kitob kabi o'qib, javob berayotganday tuyulardi menga. Internet orqali bo'lsada Siz bilan suhbatlashib, savollarimga javob, jumboqlarimga yechim topardim.  Ovozingiz haligacha qulog'im ostida jaranglaydi! Otajonim!!! Sizni juda sog'indim! Siz bilan suhbatlashishni, nurli yuzlaringizni sog'indim. Allohim qabringizni Qur'on nurlari bilan yorug' qilib, Jannat bog'laridan bir bog'cha qilib qo'ysin.


P.S. Otajon bir iltimosim bor. ltimos qilsam, bugun tushimga kirasizmi???

1 комментарий:

  1. Оллох рахмат кисин, жойлари жаннатда бусин, омин! Аслида утганлар хотирасига тез тез куръон укилиб турилса, шу укилган калима билан озикланар эканлар.

    ОтветитьУдалить