четверг, 14 апреля 2016 г.

Hayot Darsi



       Bugun yana o'sha kun! Otamni yo'qotgan kun! Otamsiz yana bir yil! Vaqtning o'tishini qarangki, bir pastda 5 yil ham bo'libdi.

    Oldin aytib o'tganimdek, Otam haqida eshitgan, bilganlarimni qisqa yozib borishga so'z bergandim. Bugun Otamning manga bergan "hayot darslari"dan biri haqida yozmoqchiman.
Roppa rosa 15 yil oldin, 2001 yil, May oyi edi. Jazirama issiq boshlangan. Bitiruv imtihonlari ketyapti. Navbatdagi Davlat imtihonini topshirdik.  5 baho olishimga amin edim. Chunki, o'zim yaxshi bilgan mavzu va kitob tushgandi. 2-3 soatlardan keyin imtihon natijalarini e'lon qilishdi. Ne ko'z bilan ko'rayki 4 baho olibman. Eng qizig'i 2 kursdoshimga yordam bergandim, ular 5 baho olishganu man 4 (Hullas, yozaman desam u haqida gap ko'p. 4 bahoning qo'yilish majorosini o'zi bir uzun hikoya). Yig'idan o'zimni to'xtata olmasdim. (Agar o'sha paytda, hayotda bundanda muhimroq narsalar borligini bilganimda edi) Boshqattan imtihon topshirishga qaror qilib, domlam bilan zav.kafedra oldigayam kirdim. Kech qolibman. Baholar yozilgan varaq topshirib bo'lingan ekan. 5 baho olgan va unga tatimayotgan dugonam (jon do'stim) o'zi quvonmay, man bilan birga siqilardi. Domlalar va boshqa kursdoshlarimning "4 bahoyam yomonmasku?! O'ta olmaganlar ham bor!" degan gaplarga bitta javobim bor edi holos. "Uyga qaysi yuz bilan boraman? Otamni ko'ziga qanday qarayman!? Yana asosiy fandan!"

Uyga keldim. Yo'l bo'yi Otam uyda bo'lmasin deb Hudodan so'rab keldim. Eshikni Otam ochdilar. Meni kutayotgan ekanlar. 
- Ha, keldingmi? O'tdingmi?
- O'tdim!
- Nechi baho?
- ... 4
- ha yaxshi, Molodec! Ko'cha issiqmi? Qizarib ketibsan. Kiyimlaringni almashtirib chiq, choy ichamiz.
Honamga kirib ketdim. Kiyimlarimni almashtirib, tog'ri hammom tarafga o'tib ketdim. Yuz-qo'llarimni sovuq suvga yuvish maqsadida. Ko'proq qolib ketibman shekillik, yoki Otam bir narsalarni sezdilarmi, yonimga keldilar. 
- Aniq o'tdingmi? Yoki topshira olmadingmi?
- ha o'tdim
- 4 mi? 
- ha 4
- bo'masa nega yig'layapsan? 5 ola olmaganingami?
- ...
- hmm... qani yur choy ichamiz
deb chiqib ketdilar. Tahminan yana 10-15 minutdan keyin, Otam oldilariga chiqdim. 
Choy quyib berdilar. Men esa haliyam jinniga o'xshab yig'lardim.
- Mana o'qishni ham tugatyapsan. Mustaqil bo'lish vaqti keldi. Xozir o'qish orasida maktabda ishlayotgan bo'lsang, keyin boshqa joylarda ham ishlash niyating bor. Ish hayotida, o'qish hayotidan ancha murakkabroq va nohaqroq vaziyatlarga duch kelishing mumkin. Bugun sen mustaqil hayotning birinchi nohaqligini tatding. Biliminga yarasha baho olmaganingni, bilimi pastroq bo'lganlar "iltimoslar" bilan yuqori baho olishganini nohaqlik deb bilyapsan. To'g'ri, bu nohaqlik, lekin bu uzun hayoting bo'ylab bo'ladigan boshqa olov kabi nohaqliklar odida bir uchqun holos...
Ba'zan shunaqa holatlar bo'ladiki, xatto ismini to'g'ri yoza olmaydigan, oddiygina narsalarga kallasi chiqishmaydiganlar sani ustingda boshliq lavozimiga kelishi mumkin. Umrini bilimga, ishiga bahsh etgan qancha olimlar qolib, kecha paydo bo'lgan "kimdir" unvon sotib oladi. Eng asosiysi sen o'zingni bil! O'zingga to'g'ri bo'l! Yaqinlaring, do'stlaring bilsin kimligingni, shuni o'zi senga kifoya! Hech kimga, hech narsani isbotlashning keragi yo'q!
Sal tinchlanganday bo'lib, burnimni ha deb dastro'molimga artib o'tirganimda kutilmaganda:
- Bahoning umuman ahamiyati yo'q! Bitiruv imtihonidan, o'z kuching bilan 4 baho olib kelding. Senga ming rahmat! Bu katta gap! Tushunyapsanmi? Bu 4 baho bilan men qanchalik g'ururlansam arziydi! 4 yil o'zing o'qiding, mana bitiryapsan ham. Biron marta boshimni egib, tilimni qisiq qilib domlalaring oldiga bormadim. Sen uchun hech kimdan, hech narsa iltimos qilmadim. Shular uchun ham senga rahmat.
Otamning bu rahmat so'zlaridan keyin o'zimni batamom yo'qotdim. Endi keyingi ko'z yoshlar alam ko'z yoshlari emas, balki shukur ko'z yoshlariga aylanib to'kilardi. Allohga ming bor shukurkim, shu imtihondan 4 baho olgan ekanman. Bo'lmasa, hayotim maboynida yuzlab marta asqotadigan darsdan bebahra qolarkanman! Chunki, har gal oldimdan nohaqlik chiqsa, Otamni so'zlarini eslayman. Shu-shu dars bo'ldiyu, qaytib na ish muammolarimni va na hayot muammolarimni uyga olib bormadim. O'zim, o'z kuchim bilan yechishga harakat qildim va qilyapman. 
Eh Otajonim! Qani edi vaqtni orqaga qaytara olish imkoni bo'lganda! O'gitlaringizni, suhbatlaringizni tasmalarga yozib, muhrlab qo'yib, qayta qayta tinglardim.
Joyingiz Jannat Bo'lsin! Allohim qabringizni Qur'on nurlari bilan yorug' qilib, Jannat bog'laridan bir bog'cha qilib qo'ysin! Omin!

P.S. Aziz o'quvchi, virtual do'stim agar malol kelmasa, vaqtingizni 2 daqiqasini Otam haqqilariga duo qilishga ajratsangiz bag'oyat minnatdor bo'lardim. Har birimizga ham u dunyoda g'oyibdan duo nasib qisin!

 Xotira -  2015
Xotira -  2014

вторник, 14 апреля 2015 г.

Xotira - Otamsiz yana bir yil...



Odam bo'lib bir odamni tushunmaslar,
Ko'zingda yosh ko'rib ham goh o'kinmaslar,
Bosgan izim poylab yurgan ey, nokaslar, 
Qabrdan qo'l cho'zib turgan qalqonim bor... 
(Muhammad Yusuf)



    Bugun yana 14-Aprel'. Otajonim fanoiy dunyoni tark etganlariga 4 yil bo'libdi. Otajonim haqida qancha yozsam ham kam! Oldingi Otam xotiralariga bag'ishlab yozganlarimda aytib o'tganimdek, deyarli har kuni Otajonimni eslashib, gapirib turamiz. Ularni taniydigan kimni ko'rsak, haqlarida nimadir gapirib berishadi. Shuning uchun bugun do'stlarim, yaqinlarim va qolaversa Blog o'quvchilaridan tushgan takliflarga ko'ra, ushbu Blogda Otajonim xotiralariga bag'ishlangan bir debocha ochishni va ular haqida yozib borishni niyat qildim. Debochada asosan Otamning do'stlari, ularni bevosita tanigan, gaplashgan insonlar bilan bo'lgan muloqotlarda Otajonim haqidagi yodnomalar aks etadi.
     Bugungi, birinchi yodnomani Otam - Xorazm viloyati teleradiokompaniyasida birinchi suhandonlardan bo'lib ishlagan davrlari haqida yozishni niyat qildim. Ularni teleradiokompaniyada suhandonlik qilib ishlaganliklarini o'zim shaxsan eslamayman. Faqat rasmlarini ko'rganman, o'zlaridan, Onajonimdan va boshqalardan eshitganman holos.

 
Esimni taniganimdan beri ularni, Xorazm Viloyati Xokimligi, Madaniyat ishlari boshqarmasi boshlig'i lavozimida ishlab, shu yerdan nafaqaga chiqqanlarini bilaman. Mendan boshqa 6 opa-singillarimning har birimizda, Otamning qaysidir hislatlari namoyon. Ayniqsa, topshirilgan ma'suliyatni his qilish, ishonchni jon jahdimiz bilan oqlashga bo'lgan intilishimizni yaqqol isbotini yaqin dugonamning Onalari Shirin opadan eshitganlarimda topdim. Shirin opa  talabalik davrlarida boshqa talabalar bilan birga, qaysidir yutuqlari uchun Xorazm Televideniesiga taklif qilingan. 18-19 yoshlaridagi uyatchanggina, kamera bilan 1-marta tanishayotgan, boz ustiga Rusiyzabon o'zbek qizi Shirin opaga, O'zbek tilada naqd 1 betlik nutq o'qib berish topshirilgan. Ularni esa, intonaciya bilan, imkon qadar so'zlarni to'g'ri talaffuz qilishni  o'rgatib, 1 soatdan keyingi jonli efir(pryamaya translyaciya)ga tayyorlash esa Otam zimmalariga yuklatilgan. Otam Shirin opaga sof O'zbek tilida 1 betlik nutq yodlatguncha judayam qiynalib ketsalarda, qayta-qayta, takror va takror o'rgatavergan ekanlar. Efir tugagach, kamera orqasidan Otam chiqib, Shirin opani tabriklayotib "O'zim 1-marta TVga chiqqanimda ham, bunchalik hayajonlanmaganman." degan ekanlar. Shirin opa Otam haqida, ularga berilgan topshiriqni ma'suliyat bilan bajarganliklarini, Shirin opadan keyin ularni hamma tabriklab: "Shu o'ris qizniyam(xazllashib) O'zbekcha gapirtirdingiz, ofarin!" deb olqishlashganliklari haqida gapirardilar, men esa ko'zimning oldidan oq-qora kadrlarda, bir-bir o'tayotgan kino tasmalarday shu damni tasavvur qilardim. Otamning yosh vaqtlarini, ko'rgan rasmlarimdagi Otamni shu kadrlar orasiga muhrlab, tasavvur qilardim.

     Harqatda, qo'shnilarim, maktabdagi o'qituvchilarimning aytishlariga qaraganda Otam televizorga chiqqanlarida, hamma ishini tashlab, Televizor oldiga o'tirisharkan. "Otangni sehrli ovozlari bor edi". "She'rlarni judayam chiroyli o'qrdilar" degan iboralarni hayotim maboynida judayam ko'p eshitganman. Qisqagina payt suhandonlik qilib, Otajonim ko'pchilikni qalbini zabt etishga ulgurgan ekanlar. Chiroyli she'r o'qishlarini o'zim ham yaxshi eslayman. Adabiyot darsidan berilgan she'r va g'azallarni yodlab o'tirsam, ba'zan vaqtlari kam bo'lsada bizga o'qitib ko'rardilar. O'zlari ham onda-sonda she'r yozib turganliklari uchunmi, yodlayotgan she'rimizda qaeriga urg'u berishni, sodda-sodda qilib aytishni, asosiysi his qilib o'qilgan she'r yaxshi chiqishini aytardilar.
     Oh Otam-a, Otam! 7 qizini 70 o'g'ilga almashmaydigan Otam! Bizlarni hech injitmagan, Og'lim yo'q deb nolimagan, Onamga ozor bermagan Jannatiy Otam! Allohim sizni o'zi rahmatiga olgan bo'lsin! Qabringizni Qur'on nurlari bilan yorug' qilib, Jannat bog'laridan bir bog'cha qilib qo'ysin! Omin.



Hayronamiz farzandlar bu dam
Bu dunyoni  tark etdi dadam
Bag’ringizga bosing, qo’yvormang
Bu dunyoda dadasi borlar.

Dadalar ko’p dardni ichga yutib,
O’tirarkan farzandin kutib.
Farzand ketar ba’zan unutib,
Yo’q yumushning etagin tutib.
  
(Valijon Shamsiev)