Показаны сообщения с ярлыком Ota-Ona. Показать все сообщения
Показаны сообщения с ярлыком Ota-Ona. Показать все сообщения

четверг, 14 апреля 2016 г.

Hayot Darsi



       Bugun yana o'sha kun! Otamni yo'qotgan kun! Otamsiz yana bir yil! Vaqtning o'tishini qarangki, bir pastda 5 yil ham bo'libdi.

    Oldin aytib o'tganimdek, Otam haqida eshitgan, bilganlarimni qisqa yozib borishga so'z bergandim. Bugun Otamning manga bergan "hayot darslari"dan biri haqida yozmoqchiman.
Roppa rosa 15 yil oldin, 2001 yil, May oyi edi. Jazirama issiq boshlangan. Bitiruv imtihonlari ketyapti. Navbatdagi Davlat imtihonini topshirdik.  5 baho olishimga amin edim. Chunki, o'zim yaxshi bilgan mavzu va kitob tushgandi. 2-3 soatlardan keyin imtihon natijalarini e'lon qilishdi. Ne ko'z bilan ko'rayki 4 baho olibman. Eng qizig'i 2 kursdoshimga yordam bergandim, ular 5 baho olishganu man 4 (Hullas, yozaman desam u haqida gap ko'p. 4 bahoning qo'yilish majorosini o'zi bir uzun hikoya). Yig'idan o'zimni to'xtata olmasdim. (Agar o'sha paytda, hayotda bundanda muhimroq narsalar borligini bilganimda edi) Boshqattan imtihon topshirishga qaror qilib, domlam bilan zav.kafedra oldigayam kirdim. Kech qolibman. Baholar yozilgan varaq topshirib bo'lingan ekan. 5 baho olgan va unga tatimayotgan dugonam (jon do'stim) o'zi quvonmay, man bilan birga siqilardi. Domlalar va boshqa kursdoshlarimning "4 bahoyam yomonmasku?! O'ta olmaganlar ham bor!" degan gaplarga bitta javobim bor edi holos. "Uyga qaysi yuz bilan boraman? Otamni ko'ziga qanday qarayman!? Yana asosiy fandan!"

Uyga keldim. Yo'l bo'yi Otam uyda bo'lmasin deb Hudodan so'rab keldim. Eshikni Otam ochdilar. Meni kutayotgan ekanlar. 
- Ha, keldingmi? O'tdingmi?
- O'tdim!
- Nechi baho?
- ... 4
- ha yaxshi, Molodec! Ko'cha issiqmi? Qizarib ketibsan. Kiyimlaringni almashtirib chiq, choy ichamiz.
Honamga kirib ketdim. Kiyimlarimni almashtirib, tog'ri hammom tarafga o'tib ketdim. Yuz-qo'llarimni sovuq suvga yuvish maqsadida. Ko'proq qolib ketibman shekillik, yoki Otam bir narsalarni sezdilarmi, yonimga keldilar. 
- Aniq o'tdingmi? Yoki topshira olmadingmi?
- ha o'tdim
- 4 mi? 
- ha 4
- bo'masa nega yig'layapsan? 5 ola olmaganingami?
- ...
- hmm... qani yur choy ichamiz
deb chiqib ketdilar. Tahminan yana 10-15 minutdan keyin, Otam oldilariga chiqdim. 
Choy quyib berdilar. Men esa haliyam jinniga o'xshab yig'lardim.
- Mana o'qishni ham tugatyapsan. Mustaqil bo'lish vaqti keldi. Xozir o'qish orasida maktabda ishlayotgan bo'lsang, keyin boshqa joylarda ham ishlash niyating bor. Ish hayotida, o'qish hayotidan ancha murakkabroq va nohaqroq vaziyatlarga duch kelishing mumkin. Bugun sen mustaqil hayotning birinchi nohaqligini tatding. Biliminga yarasha baho olmaganingni, bilimi pastroq bo'lganlar "iltimoslar" bilan yuqori baho olishganini nohaqlik deb bilyapsan. To'g'ri, bu nohaqlik, lekin bu uzun hayoting bo'ylab bo'ladigan boshqa olov kabi nohaqliklar odida bir uchqun holos...
Ba'zan shunaqa holatlar bo'ladiki, xatto ismini to'g'ri yoza olmaydigan, oddiygina narsalarga kallasi chiqishmaydiganlar sani ustingda boshliq lavozimiga kelishi mumkin. Umrini bilimga, ishiga bahsh etgan qancha olimlar qolib, kecha paydo bo'lgan "kimdir" unvon sotib oladi. Eng asosiysi sen o'zingni bil! O'zingga to'g'ri bo'l! Yaqinlaring, do'stlaring bilsin kimligingni, shuni o'zi senga kifoya! Hech kimga, hech narsani isbotlashning keragi yo'q!
Sal tinchlanganday bo'lib, burnimni ha deb dastro'molimga artib o'tirganimda kutilmaganda:
- Bahoning umuman ahamiyati yo'q! Bitiruv imtihonidan, o'z kuching bilan 4 baho olib kelding. Senga ming rahmat! Bu katta gap! Tushunyapsanmi? Bu 4 baho bilan men qanchalik g'ururlansam arziydi! 4 yil o'zing o'qiding, mana bitiryapsan ham. Biron marta boshimni egib, tilimni qisiq qilib domlalaring oldiga bormadim. Sen uchun hech kimdan, hech narsa iltimos qilmadim. Shular uchun ham senga rahmat.
Otamning bu rahmat so'zlaridan keyin o'zimni batamom yo'qotdim. Endi keyingi ko'z yoshlar alam ko'z yoshlari emas, balki shukur ko'z yoshlariga aylanib to'kilardi. Allohga ming bor shukurkim, shu imtihondan 4 baho olgan ekanman. Bo'lmasa, hayotim maboynida yuzlab marta asqotadigan darsdan bebahra qolarkanman! Chunki, har gal oldimdan nohaqlik chiqsa, Otamni so'zlarini eslayman. Shu-shu dars bo'ldiyu, qaytib na ish muammolarimni va na hayot muammolarimni uyga olib bormadim. O'zim, o'z kuchim bilan yechishga harakat qildim va qilyapman. 
Eh Otajonim! Qani edi vaqtni orqaga qaytara olish imkoni bo'lganda! O'gitlaringizni, suhbatlaringizni tasmalarga yozib, muhrlab qo'yib, qayta qayta tinglardim.
Joyingiz Jannat Bo'lsin! Allohim qabringizni Qur'on nurlari bilan yorug' qilib, Jannat bog'laridan bir bog'cha qilib qo'ysin! Omin!

P.S. Aziz o'quvchi, virtual do'stim agar malol kelmasa, vaqtingizni 2 daqiqasini Otam haqqilariga duo qilishga ajratsangiz bag'oyat minnatdor bo'lardim. Har birimizga ham u dunyoda g'oyibdan duo nasib qisin!

 Xotira -  2015
Xotira -  2014

вторник, 14 апреля 2015 г.

Xotira - Otamsiz yana bir yil...



Odam bo'lib bir odamni tushunmaslar,
Ko'zingda yosh ko'rib ham goh o'kinmaslar,
Bosgan izim poylab yurgan ey, nokaslar, 
Qabrdan qo'l cho'zib turgan qalqonim bor... 
(Muhammad Yusuf)



    Bugun yana 14-Aprel'. Otajonim fanoiy dunyoni tark etganlariga 4 yil bo'libdi. Otajonim haqida qancha yozsam ham kam! Oldingi Otam xotiralariga bag'ishlab yozganlarimda aytib o'tganimdek, deyarli har kuni Otajonimni eslashib, gapirib turamiz. Ularni taniydigan kimni ko'rsak, haqlarida nimadir gapirib berishadi. Shuning uchun bugun do'stlarim, yaqinlarim va qolaversa Blog o'quvchilaridan tushgan takliflarga ko'ra, ushbu Blogda Otajonim xotiralariga bag'ishlangan bir debocha ochishni va ular haqida yozib borishni niyat qildim. Debochada asosan Otamning do'stlari, ularni bevosita tanigan, gaplashgan insonlar bilan bo'lgan muloqotlarda Otajonim haqidagi yodnomalar aks etadi.
     Bugungi, birinchi yodnomani Otam - Xorazm viloyati teleradiokompaniyasida birinchi suhandonlardan bo'lib ishlagan davrlari haqida yozishni niyat qildim. Ularni teleradiokompaniyada suhandonlik qilib ishlaganliklarini o'zim shaxsan eslamayman. Faqat rasmlarini ko'rganman, o'zlaridan, Onajonimdan va boshqalardan eshitganman holos.

 
Esimni taniganimdan beri ularni, Xorazm Viloyati Xokimligi, Madaniyat ishlari boshqarmasi boshlig'i lavozimida ishlab, shu yerdan nafaqaga chiqqanlarini bilaman. Mendan boshqa 6 opa-singillarimning har birimizda, Otamning qaysidir hislatlari namoyon. Ayniqsa, topshirilgan ma'suliyatni his qilish, ishonchni jon jahdimiz bilan oqlashga bo'lgan intilishimizni yaqqol isbotini yaqin dugonamning Onalari Shirin opadan eshitganlarimda topdim. Shirin opa  talabalik davrlarida boshqa talabalar bilan birga, qaysidir yutuqlari uchun Xorazm Televideniesiga taklif qilingan. 18-19 yoshlaridagi uyatchanggina, kamera bilan 1-marta tanishayotgan, boz ustiga Rusiyzabon o'zbek qizi Shirin opaga, O'zbek tilada naqd 1 betlik nutq o'qib berish topshirilgan. Ularni esa, intonaciya bilan, imkon qadar so'zlarni to'g'ri talaffuz qilishni  o'rgatib, 1 soatdan keyingi jonli efir(pryamaya translyaciya)ga tayyorlash esa Otam zimmalariga yuklatilgan. Otam Shirin opaga sof O'zbek tilida 1 betlik nutq yodlatguncha judayam qiynalib ketsalarda, qayta-qayta, takror va takror o'rgatavergan ekanlar. Efir tugagach, kamera orqasidan Otam chiqib, Shirin opani tabriklayotib "O'zim 1-marta TVga chiqqanimda ham, bunchalik hayajonlanmaganman." degan ekanlar. Shirin opa Otam haqida, ularga berilgan topshiriqni ma'suliyat bilan bajarganliklarini, Shirin opadan keyin ularni hamma tabriklab: "Shu o'ris qizniyam(xazllashib) O'zbekcha gapirtirdingiz, ofarin!" deb olqishlashganliklari haqida gapirardilar, men esa ko'zimning oldidan oq-qora kadrlarda, bir-bir o'tayotgan kino tasmalarday shu damni tasavvur qilardim. Otamning yosh vaqtlarini, ko'rgan rasmlarimdagi Otamni shu kadrlar orasiga muhrlab, tasavvur qilardim.

     Harqatda, qo'shnilarim, maktabdagi o'qituvchilarimning aytishlariga qaraganda Otam televizorga chiqqanlarida, hamma ishini tashlab, Televizor oldiga o'tirisharkan. "Otangni sehrli ovozlari bor edi". "She'rlarni judayam chiroyli o'qrdilar" degan iboralarni hayotim maboynida judayam ko'p eshitganman. Qisqagina payt suhandonlik qilib, Otajonim ko'pchilikni qalbini zabt etishga ulgurgan ekanlar. Chiroyli she'r o'qishlarini o'zim ham yaxshi eslayman. Adabiyot darsidan berilgan she'r va g'azallarni yodlab o'tirsam, ba'zan vaqtlari kam bo'lsada bizga o'qitib ko'rardilar. O'zlari ham onda-sonda she'r yozib turganliklari uchunmi, yodlayotgan she'rimizda qaeriga urg'u berishni, sodda-sodda qilib aytishni, asosiysi his qilib o'qilgan she'r yaxshi chiqishini aytardilar.
     Oh Otam-a, Otam! 7 qizini 70 o'g'ilga almashmaydigan Otam! Bizlarni hech injitmagan, Og'lim yo'q deb nolimagan, Onamga ozor bermagan Jannatiy Otam! Allohim sizni o'zi rahmatiga olgan bo'lsin! Qabringizni Qur'on nurlari bilan yorug' qilib, Jannat bog'laridan bir bog'cha qilib qo'ysin! Omin.



Hayronamiz farzandlar bu dam
Bu dunyoni  tark etdi dadam
Bag’ringizga bosing, qo’yvormang
Bu dunyoda dadasi borlar.

Dadalar ko’p dardni ichga yutib,
O’tirarkan farzandin kutib.
Farzand ketar ba’zan unutib,
Yo’q yumushning etagin tutib.
  
(Valijon Shamsiev)
   




понедельник, 14 апреля 2014 г.

Otajonim xotirasiga bag'ishlayman...






OTA
Armonim bor, bu dunyoda armonim bor,

Qoq dalada o'tlar bosgan o'rmonim bor.

Qizg'aldoqday boshim egik bu makonda,

Yonib yashab o'tmagan otajonim bor.

Ota desam, bag'ri-dilim yonaverar,
Kunim yonar, oyu yilim yonaverar,
Mozoriga qo'ygan gulim yonaverar,
Tutunlarga to'lib ketgan osmonim bor.

Esaversin jannatlardan kelgan nasim,
Momo yerim, o'zingsan eng muqaddasim,
Bag'ringda jim tinglab bu tun jon nafasim,
Ruhimni allalab yotgan jahonim bor.

Odam bo'lib bir odamni tushunmaslar,
Ko'zingda yosh ko'rib ham goh o'kinmaslar,
Bosgan izim poylab yurgan ey, nokaslar,
Qabrdan qo'l cho'zib turgan qalqonim bor...

Men otamdan qolgan erkin sado-sasman,
Qonimga yot navolarga qayrilmasman,
O'lgunimcha endi undan ayrilmasman -
O'z otamdek bo'lib qolgan imonim bor.

Armonim bor, bu dunyoda armonim bor,
Keng dalada gullar bosgan o'rmonim bor,
Qizg'aldoqlar bosh egib qon yig'lab turgan
Bu makonda mening ham nurjahonim bor.

Muhammad Yusuf

      Otajon!
   Bu dunyoni tashlab ketganingizga ham, bir pastda 3 yil bo'libdi. Shu 3 yilning 3 kuni yo'qdirki Sizni eslamagan bo'lsak. Kim bilan gaplashsak ham gap orasida Sizni o'gitlaringiz, maslahatlaringiz haqida ham gapalashib o'tamiz. Ketganingizga haliyam ishongim kelmaydi! Orqamda hayotning har qanday izg'irin shamollaridan to'sib turadigan, Alp tog'laridanda mustahkam suyanchig'im, boshim uzra qoru-yomg'irdan, oftobdan himoya qiladigan chinor daraxtidek seryaproq soyabonim edingiz! Sizsiz chinor qurib qolganday, tog' o'rnida ko'nglimda bir jarlik borday...
  Inson - Otasi bu dunyodan o'tgandan keyin, birdan katta bo'larkan. Ya'ni, sog'lomroq va teranroq fikrlay boshlarkan.  Oldin, xato qilsak xatolarimizni tushuntiradigan, to'g'ri yo'lni ko'rsatadigan, yutuqlarimizdan ichiga sig'may quvonadigan, qizlari bilan og'li bor do'stlariga qaraganda ko'proq g'ururlanadigan, bir nimadan siqilsak bizadan ko'proq tashvishlanadigan Siz edingiz! Sizsiz hayot esa yanada shiddat bilan davom etmoqda! Endi, Sizga loyiq farzand bo'lish uchun ham, xato qilishlikka haqqimiz yo'q! Bu hayotning har bir sinovlaridan Mardona o'tib berishimiz kerak. Zero Siz qizlaringizni shunday tarbiyalangansiz! Hayotning har bir sinovidan, isyon qilmasdan, sabr bilan o'tishni o'rgatgansiz!

 
    Ba'zan dasturhon atrofida uzoq o'tirib, bolalaligimni, Siz bilan Onam ham yosh bo'lgan paytlarini, opalarim va singillarim bilan hammamiz chug'urlashib, bir choynak choy ustidagi shirin suhbatlarimizni eslayman. Sizni miyg'ida kulimsirab gapirishlaringiz, bizga bergan o'gitlaringizni eslab, shu davr ko'zlarim oldidan, bir-bir kino fil'm kadrlariday o'tadi. Vaqt o'tib, hayot qizlaringizni ba'zilarini Dunyoning har chekksiga palahmon toshidek otgan bo'lsada, Siz bizlar bilan hamnafas bo'lish ilinjida, har kuni inernetda bizni birrovga bo'lsada sog'ligimizdan habar olib turardingiz. Otajonim! Har safar biron bir jumboqqa yechim topolmayotgan bo'lsam, yoki biron narsadan siqilayotgan bo'lsamu lekin, Sizga aytmagan bo'lsamda, Siz huddi ichimni bir ochiq kitob kabi o'qib, javob berayotganday tuyulardi menga. Internet orqali bo'lsada Siz bilan suhbatlashib, savollarimga javob, jumboqlarimga yechim topardim.  Ovozingiz haligacha qulog'im ostida jaranglaydi! Otajonim!!! Sizni juda sog'indim! Siz bilan suhbatlashishni, nurli yuzlaringizni sog'indim. Allohim qabringizni Qur'on nurlari bilan yorug' qilib, Jannat bog'laridan bir bog'cha qilib qo'ysin.


P.S. Otajon bir iltimosim bor. ltimos qilsam, bugun tushimga kirasizmi???

среда, 10 августа 2011 г.

Laylak

rasm manzili

Ona yosh edi. Ona navjuvon edi. Bola g’or edi, bola go’dak edi... Kunlarning birida onabola qishloqqa –uzoq qarindoshlarinikiga boradigan bo’lishdi. Ona qaddini g’oz tutib, teztez yurib borar, bola esa alang-jalang qilib atrofdagi manzaralarni tomosha qilar edi.
Qishloq guzarida yarmini yashin uchirib ketgan bahaybat chinor bor ekan. Bola daraxtni ko’rib angrayibqoldi: chinorning tarvaqaylab o’sgan shoxida supradek kattakon uya qorayib ko’rinar, uyada esa oyog’i, tumshug’i uzun bir qush turar edi. Bola mo’jiza ko’rgandek taqqa to’xtab qoldi.
- Anavi nima, oyi?- dedi o’sha tomondan ko’z uzmay.
-Laylak, o’g’lim, laylak!- ona o’g’lining boshini silab qo’ydi. – Yura qol, jonim.
Bola hech qachon bunaqa qushni ko’rmagan edi. Qush negadir bir oyoqlab turardi. U yana to’xtab qoldi.
-Nima u, oyi? –dedi tag’in chinor uchiga ko’z tikib.
-Laylak, o’g’lim, laylak.
- Nimaga bir oyoqda turibdi?
Ona kuldi:
- Bir oyog’i charchagandir-da. Yura qol, jonim.
Bola hech qachon bunaqa qushni ko’rmagan edi. Qush negadir bo’ynini cho’zib
tumshug’ini osmonga qaratib silkitar, shunda “tarak-tarak” degan ovoz eshitilardi.
Bola tag’in to’xtab qoldi.
- Nima o’zi u, oyi?
Uning ko’zlarida quvonch bor edi. Hayrat bor edi. Ona shoshib turardi. Mingta yumushi
bor edi. Hali shaharga qaytishi kerak.
-Laylak dedim-ku, jinnivoy,- deb ohista egilib, o’g’lining yuzidan o’pdi. – senga salom
beryapti-da.
Ona yosh edi. Ona navjuvon edi.
... Oradan o’ttiz besh yil o’tdi. Bola yigit bo’ldi. Ona keksayib qoldi. Oyog’idan mador,ko’zidan nur ketdi.
Kunlardan birida ona-bola ittifoqo yana o’sha qishloqqa borib qoldilar. Yigit qaddini g’oz tutib tez-tez yurib borar, ona esa toliqqan oyoqlarini, og’ir-og’ir ko’tarib bosgancha harsillab kelardi. Guzardagi yarmini yashin uchirib ketgan chinor hali ham bor ekan. Buni qarangki, chinorning tarvaqaylab o’sgan shoxida hamon supradek kattakon uya qorayib ko’rinar, uyada esa oyog’I, tumshug’i uzun laylak turardi. Yigit laylakka bir qarab qo’ydiyu
qadamini tezlatdi.
Orqada kelayotgan ona nursizlanib qolgan ko’zlarini chinorga, chinor shoxida qorayib turgan uyaga tikdi. Shoxda osilib turgan narsa ko’ziga g’alati ko’rindi.
- Anavi nima, o’g’lim? – dedi to’xtab.
-Laylak, oyi, laylak!
Ona yaxshi eshitmadi. Uch-to’rt qadam yurib yana to’xtab qoldi. Savatdek narsa ichida bir nima oqarib ko’rinyapti. Qiziq...
-Nima, o’g’lim? – dedi ko’zlarini pirpiratib. O’gil taqqa to’xtadi. G’ashi keldi. O’zi shoshib
turibdi: mingta ishi bor! Odam qariganidan keyin ezma bo’lib qolarkan-da!
-Laylak! –dedi jerkib. –Laylak deyapman-ku, karmisiz!
Shunday dedi-yu, jahl bilan tez-tez yurib ketdi. Nachora, yigit yosh, yigit navqiron. Uning yumushi ko’p. hali shaharga qaytishi kerak… Uning yumushi ko’p. hali shaharga qaytishi kerak… Uning g’or, go’dak bolalari bor…

O'tkir Hoshimovning 
"Daftar hoshiyasidagi bitiklar" 
kitobidan olindi

вторник, 17 мая 2011 г.

Ota - Father

Dadajon, kim so'kadi xato qilsam?
Dadajon, kim turadi to'ylar qilsam?
Dadajon,   duolarsiz qandoq qilay?
Dadajon, kim kutadi uyga borsam?
Diydor qoldi endi Mashxal maydoniga ...


Otajonim bu yolg'onchi dunyoni tashlab, chin dunyoga ketganlariga 34 kun bo'ldi.  Uzoq tanaffusdan keyingi birinchi postimni Otajonim xotiralariga bag'ishlashga qaror qildim. Hayot bo'lganlarida 8 May kuni 68 yosh bo'lgan bo'lardilar. Bunday sinov har bir bandasining boshida borligini bilsamda, bularni yozishni xatto aqlimning ko`chasidanam o`tkazmagan ekanman. Doim bir nimalar bilan band qo'llarim, Otajonimdan ajrab hech nimaga yaramay qoldi. Xatto yozishgayam. Yozyapmanu qo'llarim qaltiroqdan, ko'zimdan shashqator yosh oqishdan to'xtamayapdi.  34 kun oson o'tmayotganiga ishonchim komilki, bu satrlarni o'qiyotgan har biringiz juda yaxshi bilsangiz kerak. Buni tushuntirib o'tirishga xojat yo'q. Haligacha kechalari goh yashirib, goh ko'rsatib yig'lab otamni sog'inaman. Namozlarimdan keyin ular haqqiqa duo qilamanu, huddi boshqa birov uchun qilayotganday.  Ketganlar orqaga qaytmasligini, diydorni endi qiyomatga qolganini, Otajonim ovozlarini, dasturhon atrofidagi shirin suhbatlarini, xato qilganimizda sabr bilan qayta tushuntirisharini, dono maslaxatlarini qayta eshita olmasligimni aql tushunadiyu, lekin ko`ngil, huddi ishonqiramay, uyga telefon qilganda orqa ovratdan otajonim ovozlarini qidiraveradi, qidiraveradi, qidiraveradi...Oilada faqat qizlarmiz. 7 qiz. "Qiz bola palahmon toshi. Qaerga otsang shu yerga tushadi" deyishganidek oramizdan 3 miz ota-onamdan uzoqda yashaymiz. Yaxshiyam internet, SKYPE degani bor ekan baxtimizga,Hudoga shukur, har kuni ko`rishamiz derdila raxmatlik Otajonim. Lekin ko'pincha "konferenciya" qilib, onamla bilan gaplashib o'tirib, otamlarni so'rasak yuribdila kirib chiqib, xozir keladilar gaplashgani derdila oyimla. Keyin bilsak, gaplarimizni eshitibbb o'tirarkanla orqada. 
Onang bilan shunaqa mazza qilib gaplashasizlarki, gaplaringizni bo'lib, oralaringizga tiqilgim kelmaydi, Hudoga shukur sog-omon ekanlar, kayfiyatlari yaxshi ekan deb sevinib, eshitib o'tiraveraman. Allohga sizlardek 7 qiz berganiga shukur qilaman doim. Qani birov, 7 qizingga 70 o'g'il beraman, almash desinchi, 2 dunyoda ham alishmasdim. Qiz bola bo'lsalaring ham, hammangiz o'rningizni topib yuribsizlar, O'ziga shukur. O'g'lim yo'q deb armon qilmaganman. Kuyovlarimni o'g'illarim deganman. derdilar.

Ehh bu satrlarni yozyabmanu, huddi ovozlari qulog'im ostida jaranglayapti. Hayot davom etaverarkan...
Bularni yozishimdan maqsad kimnidir ko'nglini og'ritish, Otasi o'tganlarni yarasini tirnash, yoki, o'zimni hissiyotlarimni ko'rsatib menga nisbatan achinsh hissini uyg'otishmas. Shunchaki, ko'nglimni oz bo'lsada bo'shatib taskin topishni istadim. Shunchaki, har bir o'qigan odam bittaginadan otam haqqiga duo qilib qo'yishligi mumkinligini o'yladim. Endi bu yog'iga kuchli bo'lishim kerakligini, avvalgidanam kuchli bo'lishim kerakligini o'yladim. Chunki, Otam hech qaysi qizlarini pissimist holda ko'rib hursand bo'lmagan bo'lardilar. O'zlari judayam sabrli inson bo'lganliklari uchun, sabr qilishni bizgayam ko'p o'rgatganlar. Har bir inson Alloh bergan sinovlaridan shukur qilib o'tishdan boshqa ilojisi yo'q ekan.

Bugun ishonolmam yo'qligingizga,
Sizni qidiraman, bu jonim halak.
Otajon, hattoki bu judolikka,
Chiday olmay yig`ladi osmon-u falak*.

Bilaman, bu savdo har kimda ham bor,
Lekin bilingiz, siz, doim abadiy.
Ko`nglimda, dilimda Otajon siz bor,
Ollohim, otam qil-o'zing Jannatiy...




She'r muallifi: eng kenjamiz 18 yoshli singlim. Otamni qabrga qo'yib kelishgach, shunaqa kuchli yomg'ir yoqqanki, huddi osmon ham bizga qo'shilib yig'layotganday edi.